Ofisbop PDF: oʻqish, imzolash, birlashtirish va Wordʼga aylantirish

PDF faylga imzo qoʻying, formani toʻldiring, sahifalarni birlashtiring yoki ajrating va kerak boʻlsa tahrirlanadigan Word hujjatiga aylantiring.

Ofisbop PDF oynasi: chapda sahifalar, oʻngda izohlar paneli va ochiq PDF hujjat

Ofisbop PDF — PDF fayllarni koʻrish va ular bilan ishlash uchun boʻlim. Unda fayl ichidagi matnni qayta yozmasdan turib, unga imzo, matn, belgi va izoh qoʻshasiz, sahifalarni tartiblaysiz va keraksizini olib tashlaysiz. PDF ichidagi matnni oʻzgartirish kerak boʻlsa, faylni Word hujjatiga aylantirib, Ofisbop Hujjatda tahrirlaysiz.

Nimalar qilsa boʻladi

PDFʼni Wordʼga aylantirish

Matnli PDF (Word yoki boshqa dasturdan saqlangan) .docx hujjatiga aylanadi: xatboshilar, roʻyxatlar, jadvallar va rasmlar tiklanadi. Skaner yoki telefon kamerasidan olingan PDF ichida matn yoʻq, faqat rasm bor. Bunday faylda avval Matnni tanib olish (OCR) buyrugʻini ishlating: shundan keyin matnni qidirish, nusxalash va Wordʼga oʻtkazish mumkin boʻladi. OCR til paketlari birinchi marta bir martagina internetdan yuklanadi, keyin internetsiz ishlaydi. Murakkab maketlar soddalashishi mumkin, natijani bir koʻzdan kechiring.

Batafsil qadamlar: PDF ni Word ga aylantirish.

Imzo va forma

Imzo, matn va belgilar PDF standartidagi izohlar sifatida yoziladi, shuning uchun brauzerda, telefonda va boshqa PDF dasturlarida ham xuddi shunday koʻrinadi va chop etiladi. Toʻldiriladigan maydonlari bor formalar avtomatik taniladi; maydoni yoʻq «qogʻoz» formaga matnni istalgan joyga yozasiz. Qoʻllanma: PDFʼga imzo qoʻyish va forma toʻldirish.

Onlayn yoki kompyuterda

PDF faylni brauzerda ham ochsa boʻladi: ofisbop.uz/app sahifasida faylni tanlang. Fayl serverga yuklanmaydi, hamma ish brauzeringiz ichida bajariladi, shuning uchun shaxsiy hujjatlar (pasport nusxasi, shartnoma) begona serverga ketmaydi. Kompyuter va Android versiyalarida ham xuddi shu PDF boʻlimi bor.

Koʻp beriladigan savollar

PDF ichidagi matnni toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzgartirsa boʻladimi?

PDF ustiga matn, imzo va belgilar qoʻshiladi, keraksiz joyni oq boʻyoq bilan yopish mumkin. Matnni butunlay qayta tahrirlash uchun PDFʼni Word hujjatiga aylantirib, Ofisbop Hujjatda oʻzgartirasiz.

Skaner qilingan PDF matnga aylanadimi?

Ha, avval «Matnni tanib olish (OCR)» bilan. Oʻzbek (lotin va kirill), rus va ingliz tillari taniladi. Til paketi birinchi marta yuklanadi, keyin internetsiz ishlaydi.

Fayllarim internetga yuklanadimi?

Yoʻq. Kompyuterda ham, brauzer versiyasida ham PDF qurilmangizning oʻzida ochiladi va saqlanadi.

Pullikmi?

Yoʻq. Barcha PDF imkoniyatlari bepul, reklama yoʻq.

Foydali sahifalar